“Kyiv Fashion” muvaffaqiyatli tarixga hamda uzoq yillar davomida shakllangan va muvafaqqiyatli anʼanalarga ega boʻlgan eng yirik xalqaro koʻrgazmalardan biri hisoblanadi. Koʻrgazma butun dunyodagi yengil va toʻqimachilik sanoatining nufuzli mutaxassislarini oʻz atrofiga jamlaydi. Forum bir vaqtning oʻzida bir nechta bozor segmentlarini qamrab olish uchun eng qulay maydondir.
“Kyiv Fashion”, shuningdek, ishtirokchilarga yirik va foydali shartnomalar tuzish imkoniyatini ham taqdim etadi.
Forumda doirasida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlarning maxsus stendi koʻrgazma mehmonlari va salohiyatli sheriklar oʻrtasida katta qiziqishga sabab boʻldi. Unda mamlakatimizning 35 dan ortiq sanoat korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan rang-barang matolar, toʻqimachilik mahsulotlarining yangi turlari, aksessuarlar namoyish etildi.
Buning natijasi oʻlaroq, koʻrgazmaning birinchi kunidayoq ukrainalik sheriklar bilan yirik shartnoma va bitimlar imzolandi.
“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi vakillarining ukrainalik sheriklar bilan oʻtkazgan muzokaralari chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirish, kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash hamda toʻqimachilik sanoatida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish boʻyicha barcha saʼy-harakatlarni safarbar etish yuzasidan mushtarak manfaatdorlik bildirildi.