Oʻzbekiston tovar belgilari boʻyicha qonunlar toʻgʻrisidagi Singapur shartnomasiga qoʻshildi

    Joriy yilning 13-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Tovar belgilari boʻyicha qonunlar toʻgʻrisidagi Singapur shartnomasini (Singapur, 2006-yil 27-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun imzolandi.

    Ushbu hodisa tovar belgilari sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish va mamlakatda intellektual mulk tizimini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

    Tovar belgilari boʻyicha qonunlar toʻgʻrisidagi Singapur shartnomasi

    2006-yilda qabul qilingan xalqaro hujjat boʻlib, bugungi kunga kelib 59 ta davlat ushbu shartnomani ratifikatsiya qilgan.

    Singapur shartnomasining asosiy maqsadi tovarbelgilarini roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirish va bir xillashtirishdan iborat.

    Bunda, ushbu shartnoma bilan quyidagilar nazarda tutiladi:

    tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun beriladigan talabnoma shakli, toʻlovlar va muddatlar uchun minimal standartlarni belgilash;

    - elektron shaklda talabnoma topshirish, elektronimzoni tan olish va undan foydalanish, shuningdek, tovush, golografik belgilar va boshqa noodatiy tovar belgilarini tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq tartiblarni joriy etish;

    - talabnomani topshirish uchun belgilangan muddatni uzaytirish yoki oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash imkoniyatini yaratish;

    - tovar belgisidan foydalanish boʻyicha litsenziya shartnomasini tuzish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona tartibini belgilash.

    Oʻz oʻrnida, ushbu shartnomaning imzolanishi mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash va investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qilishini, shuningdek, standartlashtirish orqali mahalliy va xorijiy tadbirkorlik subyektlarining mablagʻlari va vaqtini tejash uchun sharoit hozirlashini taʼkidlash joiz.