Oʻzbekiston Singapur bilan taʼlimni raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradi

    Xalqaro hamkorlik 14 Oktabr 2020 907

    Oʻzbekiston elchisi Qahramon Shokirov Singapurning “SixClouds Pte. Ltd” kompaniyasi asoschisi Richard Vun va ushbu kompaniyaning rivojlanish boʻyicha direktori Benson Lekom bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    “SixClouds Pte. Ltd” Oʻzbekistonda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tarkibiga kiruvchi maktablarda 5 yil davomida beshinchi sinfdan sakkizinchi sinfgacha matematika va ingliz tilini oʻqitish uchun multimedia dasturiy mahsulotlar bilan taʼminlash kabi qator loyihalarni amalga oshirib kelyapti. Shuningdek, “SixClouds Pte. Ltd” rahbariyatining 2019-yil Namangan viloyatiga safari davomida imzolangan oʻzaro Anglashuv memorandumi doirasida Namangan muhandislik-qurilish instituti talabalari va oʻqituvchilarining intellektual koʻnikmalarini (dizayn, animatsiya) rivojlantirish boʻyicha toʻqqiz oylik oʻquv kurslari tashkil etildi. Ikki loyihaning qiymati begʻaraz yordam shaklida 2 million 150 ming dollarga tengdir.

    Tadbir davomida Singapur vakillari va respublikamizdagi sheriklar bilan qoʻshma loyihalarni onlayn rejimda amalga oshirishni boshlash boʻyicha ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

    Shu munosabat bilan Richard Vun Namangan muhandislik-qurilish instituti talabalari uchun dizayn sohasida optimallashtirilgan, 6 haftalik oʻquv dasturlarini taqdim etdi.

    Dastur respublikamizning isteʼdodli yosh rassomlariga raqamli sanʼat va ijod sohasida texnik koʻnikmalar boʻyicha bilim va amaliy koʻnikmalar berish, raqamli texnologiyalar sohasida milliy dizaynerlarni tayyorlash, talabalarning oʻqishlarini toʻxtatmasdan va raqamli sanʼat dunyosida oʻzlarining mavqeini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.

    Talabalarga soʻrovnomalar Singapur tomonidan saralanganidan soʻng dasturda ishtirok etishlarga ruxsat beriladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Eslatib oʻtamiz, Singapur bir necha yil davomida PISA (xalqaro baholash dasturi) reytingining yuqori qismida oʻrin olib kelyapti. 2019-yilda “SixClouds Pte. Ltd” Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagi bilan Toshkentda oʻz vakolatxonasini ochgan.