Shuningdek, ushbu mavzeda zamonaviy xususiy klinika, matematika va xorijiy tillarga ixtisoslashgan xususiy nodavlat maktab tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov tumandagi yangi qurilayotgan turar joy mavzesida boʻlib, qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Dastavval, nuroniylar, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbatlashdi, Prezidentimiz boshchiligida xalqimiz uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, xususan, aholining uy-joyga boʻlgan talab va ehtiyojini qondirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida soʻz yuritdi.
— Qurilishlar qancha koʻp boʻlsa, aholiga shuncha qulay sharoit yaratiladi va ayni paytda yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi, bu esa yoshlar bandligini taʼminlashda katta ahamiyatga ega, — dedi viloyat hokimi.
Jamoatchilik vakillari yangi turar joy mavzesini “Ezgulik” deb nomlash taklifini bildirdilar. Viloyat hokimi ushbu taklifni maʼqulladi.
Shu kuni yangi qad rostlayotgan uy-joy binosiga dastlabki tamal poydevori quyildi. Keksalar va barcha yigʻilganlar duoga qoʻl ochib, qurilayotgan yangi uylar xalqimizning yaxshi kunlariga nasib etishini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik bardavom boʻlishini, bunyodkorlik va yaratuvchilik ishlari yana-da rivoj topishini tiladilar.