Fargʻona viloyatidagi ommaviy axborot vositalari xodimlari va Respublika elektron nashrlarining viloyatdagi muxbirlari uchun Oʻzbekiston tumaniga navbatdagi press-tur uyushtirildi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab, “Farovon kelajak” mahallasidagi “Sohibkor tong shuʼlasi” bogʻdorchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaligida boʻlishib, uning faoliyati bilan tanishdilar.

Mavjud 20 gektar maydonning 5 gektarida boʻy choʻzayotgan chandler navli yongʻoq, yana 5 gektar yer maydonidagi fransuz navli bodomzor hamda 1 gektar joyga shu yil ekilgan yangi ispan navli gilos koʻchatlarining parvarishi hamda hosildorligi haqida OAV vakillariga batafsil maʼlumotlar berildi. Loyiha tashabbuskorlari tomonidan yaqin muddatlarda ushbu bogʻda kivi plantatsiyasi ham tashkil etilishi, buning uchun Turkiyadagi hamkorlar bilan barcha tashkiliy masalalar hal etilgani haqida qoʻshimcha maʼlum qilindi.

“Qumbosdi” mahallasida joylashgan, zamonaviy va koʻrkam qiyofadagi 17-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ham jurnalistlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Bundan bir yil avval ham maʼnan eskirgan, oʻrin yetishmovchiligi boʻlgan ushbu muassasa oʻtgan yilgi Investitsiya dasturi asosida mukammal taʼmirlanib, qishloq ahli va ularning farzandlari uchun foydalanishga topshirildi.

Ayni kunlarda ushbu taʼlim maskanidagi 7 ta guruhda 210 nafar bolajonlar eng qulay va zamonaviy shart-sharoitlarda taʼlim-tarbiya olmoqdalar. Ularning sifatli boshlangʻich taʼlim olishlari, har tomonlama sogʻlom oʻsib-ulgʻayishlari yoʻlida 43 nafar pedagog-xodimlar sidqidildan xizmat qilmoqdalar. Press-tur ishtirokchilari muassasada yaratilgan barcha shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, yosh avlod vakillari va ularning ustozlari bilan suhbatlashishdi.

OAV vakillari, shuningdek mazkur qishloqda “mahallabay” ishlash tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Mahalladagi hokim yordamchisining faoliyati, aholini tadbirkorlikka jalb etish, obodonlik ishlari, “Yashil makon” umummilliy loyihasini hududda tadbiq etilishiga guvoh boʻlindi. Mehmonlar 924 ta oilada 3200 dan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mahalladagi baʼzi xonadonlarda ham boʻlib, “mahallabay” ishlash tizimi, hokim yordamchisi faoliyati samaradorligini bevosita xonadonlardagi amaliy natijalar misolida kuzatishdi.

Kunning ikkinchi yarmida tuman hokimi Sherzodjon Yuldashev ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumani ochiq va erkin muloqot tarzida oʻtdi.

Tuman hokimi “mahallabay” ishlash tizimi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, hokim yordamchilari faoliyatining samaradorligi, mavjud muammo va yechimini kutayotgan masalalarning hal etish choralari toʻgʻrisida matbuot anjumani ishtirokchilariga maʼlumot berdi.

Matbuot anjumani davomida ishtirokchilar turli mavzular yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollariga tuman rahbaridan tegishli javoblar oldilar, deb xabar beryapti Oʻzbekiston tumani hokimligi matbuot xizmati.