Qariyb 5,5 milliard soʻm mablagʻ evaziga qad rostlagan mazkur tibbiyot markazida EKG, EXO hamda boshqa zamonaviy tibbiyot jihozlari oʻrnatildi.
Klinika tarkibida 80 oʻrinli davolash boʻlimi, laboratoriya, 2 ta dorixona, fizioterapiya, fitobar va fitnes zali mavjud.
Zamonaviy klinikada malakali shifokorlar tomonidan kardiologiya, ginekologiya, terapiya, nevrologiya yoʻnalishlarida aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatiladi.
Shifo maskani bir vaqtning oʻzida 150 nafardan ziyod bemorni qabul qilish va ularga tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Loyihani amalga oshirish natijasida 35 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Mazkur markazda kelgusida jarrohlik boʻlimini ham ishga tushirish rejalashtirilgan boʻlib, unda 10 ga yaqin jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, tibbiy xizmat koʻrsatish quvvati bir necha barobarga oshadi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati Oʻzbekiston tumani hokimligi maʼlumotiga tayanib.