Oʻzbekiston turizm imkoniyatlari Fransiyaning “IFTM-Top Resa” koʻrgazmasida namoyish etilyapti

    Turizm 18 Sentabr 2024 567

    Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Parij shahrida 17-sentyabrda oʻz ishini boshlagan “IFTM-Top Resa” xalqaro turistik koʻrgazmada ishtirok etyapti.

    Delegatsiya tarkibidan “Uzbekistan airways” AJ va oʻnlab yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari oʻrin olgan.

    Koʻrgazma doirasida milliy madaniy anʼanalar uslubida tashkil etilgan Oʻzbekiston pavilyonida mamlakatimiz turizm salohiyatini xorijda keng ommalashtirish va ishtirokchi davlatlaridan turistlar oqimini yanada kengaytirish maqsadida milliy kompaniyalarimiz tomonidan yangi yoʻnalishlar va turpaketlardan iborat mahsulotlari keng namoyish etildi. Delegatsiya vakillari ishtirokida potensial hamkorlar bilan 200 dan ortiq G2B va B2B uchrashuvlar oʻtkazildi va aniq uzoq muddatli kelishuvlarga erishildi.

    Tadbirda 50dan ortiq xorijiy davlatlar turizm vazirlari va 170ga yaqin mamlakatdan mingdan ortiq turistik kompaniyalar qatnashyapti.

    Koʻrgazma ochilishiga bagʻishlangan bu yilgi qabul marosimiga Oʻzbekiston Respublikasi hammezbonlik qildi. Oʻzbekiston tomoni ishtirokchilarga oxirgi yillarda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijalari boʻyicha batafsil maʼlumot berildi.

    Marosimda Oʻzbekistonning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini targʻib etadigan foto va videomateriallar, turli qoʻllanmalar hamda milliy cholgʻu asboblari kuylari ostida mamlakatimiz raqs durdonalari namoyon etildi. Soʻzga chiqqan “IFTM-Top Resa” direktori Lourens Gabore va Fransiya Sayohat agentliklari uyushmasi prezidenti Valeri Boned Oʻzbekiston tomoniga ushbu tadbirni qoʻllab-quvvatlaganligi va ajoyib madaniy dasturni tashkil etganligi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Taʼkidlanishicha, bu nufuzli tadbir ayniqsa Yevropa davlatlarida Oʻzbekistonni ustuvor turizm yoʻnalishi sifatida yoritish va turizm oqimlarini koʻpaytirish uchun yangi platforma boʻlib xizmat qiladi.

    Koʻrgazma 19-sentyabrgacha oʻz ishini davom ettiradi.