Oʻzbekiston turizm salohiyatining xalqaro targʻiboti Buyuk Britaniyada yanada jadallashtiriladi

    Turizm 17 Aprel 2024 295

    Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi diplomatik vakolatxonasi rahbari Ravshan Usmanov Oʻzbekiston turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson bilan uchrashdi.

    Muloqot chogʻida Buyuk Britaniya turkompaniyalari va OAV ishtirokida Oʻzbekiston turizm salohiyatiga bagʻishlangan tadbirlarni tashkil etish, 2024-yilda Britaniyaning sayyohlik sohasini yoritishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalarida yurtimiz sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan maqolalarni eʼlon qilishni davom ettirish hamda shu yil 8-9-iyun kunlari Oʻzbekiston madaniyati va milliy taomlari festivalini oʻtkazish kabi masalalar muhokama etildi.

    Sofi Ibbotson Britaniya ommaviy axborot vositalarining mamlakatimiz turizm salohiyatini keng ommaga tanishtirishdagi muhim oʻrnidan kelib chiqib, joriy yilda tashkil etiladigan press-turlarni Oʻzbekiston turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda jadallashtirish lozimligini taʼkidladi.

    Muzokaralar natijasida, 2024-yilda britaniyalik taniqli shaxslar, jumladan, “Travel Photographer of the Year” jurnali asoschisi Kris Kou, Britaniya imperiyasi ordeni sohibasi Jaonna Lamlinining mamlakatimizga safarini tashkil etish va sentyabr oyida Britaniya muzeyida Oʻzbekiston eksponatlari namoyish etiladigan “Ipak yoʻli” koʻrgazmasini keng targʻib etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Sofi Ibbotson 2019-yil aprel oyida Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi sifatida tayinlangan. U bilan hamkorlikda “The Telegraph”, “Financial Times”, “Times”, “Wanderlust”, “The Guardian” kabi yetakchi nashrlarda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan turkum maqolalar chop etilgan.