Bunda turizm sohasida xalqaro aloqalarni yana-da barqarorlashtirish, sohada hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va turizm bozorining maqsadli auditoriyasi orasida Oʻzbekiston milliy brendi ommaviyligini oshirish va turizm salohiyatini keng targʻib etish nazarda tutilgan. Kongress doirasida turli davlatlarning 45 nafardan ortiq maʼruzachilari soʻzga chiqib, interaktiv muhokamalar olib borildi. Tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berilib, COVID-19 pandemiyasi davrida respublikamizda turizm sohasida roʻy bergan oʻzgarishlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Oʻzbekistonda turizm sohasida amalga oshirish mumkin boʻlgan loyihalar, yurtimiz salohiyati bilan yaqindan tanishib, MDH davlatlarining turizm sohasidagi ulkan salohiyatini inobatga olgan holda, bu boradagi yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kerakligiga alohida urgʻu berildi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov tomonidan Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati, yangi turistik yoʻnalishlari va imkoniyatlarini yaratish, dam olish joylari, gastronomiya, hunarmandchiligi, shuningdek, respublikada sayyohlarning qulay yashashi uchun yaratilgan sharoitlarga doir taqdimot oʻtkazildi.

Yurtimizda xalqaro standartlarga javob beruvchi sanitariya-epidemiologiya xavfsizligining yangi tizimi “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” (Oʻzbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOTLANGAN) asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan chet ellik mehmonlarning epidemiologik xavfsizligini taʼminlash choralari yuzasidan maʼlumotlar berilib, bu boradagi maxsus targʻibot videoroligi namoyish etildi. MDH iqtisodiy rivojlanish biznes markazining Muvofiqlashtiruvchi kengashi raisi, MDH Moliya-bank kengashining Muvofiqlashtiruvchi kengashi raisi Anatoliy Kazakov tomonidan turizm sohasida Oʻzbekiston bilan tez orada inqirozgacha boʻlgan turistik almashinuv darajasini tiklash taklifi ilgari surildi.

Tadbir tashkilotchisi, MDH iqtisodiy rivojlanish biznes markazi Turizm qoʻmitasi raisi Anastasiya Pavlova ishtirokchilarga Oʻzbekiston haqida zarur maʼlumotlarni berib, COVID-19 pandemiyasi davrida turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar borasida ham soʻz yuritdi. Kongress yakunida xorijiy tomon bilan kelgusida hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizni turizm salohiyatini dunyo hamjamiyatiga keng tanitish maqsadidagi qoʻshma loyihalar hamda rejalar oʻzaro kelishib olindi.

Maʼlumot oʻrnida: “SNG+MIR” dasturi oʻz faoliyati davrida dunyoning barcha qitʼalarini birlashtirdi. «СНГ+МИР 2021/Все стихии мира» onlayn kongressi 6 soat mobaynida uzluksiz olib borilib, unda 130 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishdi.