Maqola avvalida boy tarix, madaniyat, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan koʻplab olim va mutafakkirlar, betakror madaniy meros, koʻhna meʼmoriy obidalar, pazandachilik va xalq amaliy sanʼatiga ega boʻlgan Oʻzbekiston ziyorat sayyohligi yoʻnalishida ham ulkan salohiyat sohibi ekani aks ettirilgan.

Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomnidan imzolangan Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi farmon mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlarga huquqiy asos yaratgani alohida taʼkidlangan. Oʻzbekistonda ziyorat turizmi uchun har jihatdan mos keladigan jami 622 ta madaniy meros obyektining 595 tasi islom diniga, 19 tasi nasroniylik, 8 tasi esa buddaviylik diniga mansub, deb maʼlum qilingan materialda.

Maqolada Oʻzbekiston hududida yashab oʻtgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshbandiy, Xoʻja Abduholiq Gʻijduvoniy va boshqa koʻplab mashhur alloma va mutafakkirlar maqbaralari musulmon sayyohlarni oʻziga jalb qilishi va ularning merosi nafaqat islom sivilizatsiyasi rivoji, balki dunyo ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgani qayd etilgan. Materialda, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlanishiga sabab boʻlayotgan omillarga alohida eʼtibor qartilgan. Taʼkidlanishicha, turistlarni jalb qilish boʻyicha qabul qilingan huquqiy-meyoriy hujjatlarga binoan, qator davlatlar fuqarolariga vizasiz rejimning joriy etilgani natijasida 2018-2019-yillarda Oʻzbekistonga Indoneziyadan kelgan sayyohlar soni 170 foiz, Malayziyadan 158 foiz, Turkiyadan 154 foiz va BAAdan 153 foizga oʻsgan. Singapurning Crescent Rating va AQSHning Mastercard tashkilotlari tomonidan har yili eʼlon qilinadigan Jahon musulmon sayyohlari indeksi reytingida Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar orasida sayyohlarni jalb qilayotgan eng jozibador hamda xavfsizlik va bagʻrikenglik darajasi yuqori boʻlgan 10 ta mamlakat qatoridan oʻrin olgani yuqori baholangan, - deya qayd etadi Misr gazetasi. Misr gazetasi 2019-yil fevralida Buxoro shahrida oʻtkazilgan IXalqaro ziyorat turizmi forumida yakunida qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasida Oʻzbekiston ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilganiga urgʻu bergan.

Ushbu tadbir ishtirokchilari va etakchi mutaxassislar tavsiyasiga tayangan holda, gazeta oʻz oʻquvchilariga ochiq osmon ostidagi muzey boʻlgan Oʻzbekistonga hech oʻylab oʻtirmasdan safar qilishni, ushbu yurtdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni tavsiya etgan. Al-Xabar al-Yaum oʻz oʻquvchilari eʼtiboriga Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi tomonidan oʻtkazilgan Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida turizmni rivojlantirish: jahon tajribasi va milliy ustuvorliklar mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya haqidagi maʼlumotlarni ham havola etgan. Maqola intihosida Oʻzbekiston turizmning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish va xorijiy sayyohlarni jalb boʻyicha dunyoda etakchi mamlakatlardan biriga aylanishi uchun qulay imkoniyatlarga ega, deb ishonch bildiradi Al-Xabar al-Yaum gazetasi.