Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish dasturi doirasida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan “DIE MEDIA FABRIK Agentur für Mediaberatung GmbH” media-xizmati agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur sayyohlik reklamasi noyabr-dekabr oylarida Berlin metropolitenida namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizga tashrif buyuradigan sayyohlarning katta qismi germaniyalik sayyohlarga toʻgʻri keladi. Davlatimiz rahbarining olib borayotgan ochiq tashqi siyosati tufayli nafaqat iqtisodiy, balki turizm sohasida ham dunyo mamlakatlarining asosiy eʼtibori yurtimizga qaratilmoqda. Yevropaning yirik sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlarining yurtimizga bildirayotgan qiziqishi va izchil rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari bunga yaqqol misoldir.

Dunyodagi eng yirik metropolitenga ega shaharlardan biri boʻlgan Berlin metrosida Oʻzbekistonning turistik salohiyati, mavjud sayyohlik yoʻnalishlari va imkoniyatlari tasvirlangan videolavha namoyishi sayyohlar sonining yanada ortishiga, ularni mamlakatimizning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Berlin metrosi eng koʻp foydalaniladigan jamoat transportlaridan biri hisoblanadi. Undan nafaqat shahar aholisi, balki butun dunyodan tashrif buyuradigan mehmonlar ham foydalanadilar.

Sayohat kompaniyasi mutaxassislariga koʻra, yilning ayni shu oylarida germaniyaliklar keyingi yilgi sayohatlarini rejalashtiradilar. Rojdestvo va Yangi yil bayrami arafasida Germaniyaga dunyoning turli burchaklaridan mehmonlarning oqib kelishi hisobga olinsa, yurtimiz turizm salohiyatiga bagʻishlangan ushbu videorolik samarali boʻladi. Shu bilan birga kelgusi yilda mamlakatimizga boruvchi sayyohlar sonining oshishiga xizmat qiladi.