Vazirlar yigʻilishiga Turkiy Kengash Bosh kotibi Bagdad Amreyev va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov raislik qildi. Yigʻilish tadbirlarida Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Vengriya va Turkiya vazirlari ham ishtirok etdi. Oʻzbekiston delegatsiyasiga investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov rahbarlik qildi.

TTDHKga aʼzo davlatlar va kuzatuvchilar iqtisodiyot vazirlari (savdo)ning 10-yigʻilishi, Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Ishchi guruhining 12-yigʻilishi va biznes-forumdan tashkil topgan tadbirlar dasturi doirasida Kengashga aʼzo davlatlar oʻrtasida iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari, koronavirus pandemiyasi sababli roʻy bergan inqirozning iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qoʻshma amaliy chora-tadbirlar bajarilishini muvofiqlashtirish masalasi muhokama qilindi.

Til, tarixiy va madaniy aloqalar bir xilligi asosida tashkil topgan Turkiy kengash mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib borayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston hukumati Kengashga aʼzo mamlakatlar bilan iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotgani maʼlum qilindi.

Maʼlumot uchun: soʻnggi uch yil mobaynida koronavirus pandemiyasiga qaramasdan Kengashga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi savdo hajmi ikki barobar oshdi hamda 2020-yilda 6,7 milliard dollarga va joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga koʻra 4,7 milliard dollarni tashkil etdi.

Yaqin yillarda savdo aloqalarini rivojlantirish va Oʻzbekistonning TTDHK tasarrufidagi hamkor davlatlar bilan savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish borasida ulkan ishga solinmagan salohiyat mavjudligi alohida taʼkidlandi.

Shu nuqtayi nazardan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish hamda tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, Turkiy kengash Investitsiya jamgʻarmasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish boʻyicha tashabbuslarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish dolzarbligi masalasi koʻrib chiqildi. Bu TTDHK doirasida muloqotdan amaliy investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikka oʻtishda muhim qadam boʻlishi taʼkidlandi.

Shuningdek, mintaqaning transport va tranzit salohiyatini oshirish hamda Markaziy Osiyo orqali yirik jahon bozorlariga, jumladan, Xitoy, Hindiston, Pokiston va boshqa Osiyo mamlakatlariga, shuningdek, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa mamlakatlariga yetkazib berishni taʼminlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida birlashmaga aʼzo mamlakatlarda erkin iqtisodiy va maxsus zonalarni rivojlantirishni jadallashtirishga qaratilgan “Aʼzo davlatlarning turli iqtisodiy zonalari oʻrtasida maʼlumot va tajriba almashish toʻgʻrisida”gi Memorandum imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.