Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligi masalalari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 21 Yanvar 2022 747

    Joriy yil 20-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Bekarni qabul qildi.

    Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama munosabatlarning sermazmun kun tartibi, jumladan, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Ishlab chiqilayotgan loyihalar, dasturlar va tadbirlar atroflicha koʻrib chiqildi. Tomonlar qoʻshma investitsiya loyihalarining sonini koʻpaytirish va oʻzaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan choralarni yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Shu oʻrinda Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasini kelishish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni maromiga yetkazishni jadallashtirish boʻyicha yakdil qarorga kelindi.

    Turk investorlarining Oʻzbekistondagi faoliyati bilan bogʻliq bir qator masalalar ham tilga olindi. Tomonlar ularning yechimini topish algoritmlarini muhokama qilib, tegishli loyihalarni ilgari surish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab olishdi. Oʻzbekiston tomoni turkiyalik tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik qilish va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda ularga tezkor amaliy yordam koʻrsatishga sodiqligini bildirdi.

    Alohida tartibda ikki mamlakatning transport jihatidan oʻzaro bogʻliqligini kengaytirish va tranzit salohiyatini rivojlantirish boʻyicha keyingi qadamlar muhokama qilindi. Ikki davlatni bogʻlovchi transport yoʻlaklaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish uchun ikki tomon vakillaridan iborat ekspert guruhini tuzishga kelishildi.

    Uchrashuv yakunida yuqoridagi masalalarning joriy holatini oʻrganish va ularni hal etishga doir zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan alohida “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.