Dastlab, markaz vakillari tomonidan 15-sentyabr kuni Istanbul shahridagi “Outdor Factory” kompaniyasi faoliyati yaqindan oʻrganildi. Mazkur kompaniya ayni paytda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyini boyitish boʻyicha oʻz loyihalarini taqdim etgan. Kompaniya rahbari Sinan Turaman Turkiya Prezidentining Istanbul shahridagi muzeyida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Safar davomida Istanbul shahridagi Ayo Sofiya majmuasi, Koʻk masjid, Toʻpqopi saroyi, qadimgi Efes shahri va Galikarnas maqbarasi kabi mashhur tarixiy yodgorliklarning kichik modellarini oʻz ichiga olgan Ochiq osmon ostidagi miniatyuralar muzeyi – Miniatürk singari diqqatga sazovor joylarda qator uchrashuvlar oʻtkazildi.
Ilmiy-ijodiy safar asnosida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasiga Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy maslahatchisi Xalit Eren, Milliy saroylar boshqarmasi boshligʻi Yasin Yildiz, Turkiya qoʻlyozmalar idorasi rahbari Joʻshkun Yilmaz, qator nufuzli oliy oʻquv yurtlari professorlari, olim va mutaxassislar hamrohlik qilishdi.
Istanbuldagi uchrashuvlar, tashriflar chogʻida Oʻzbekiston madaniy merosi bilan bogʻliq qator nodir qoʻlyozmalar va tarixiy eksponatlar bilan ham tanshildi.
Jumladan, Turk va Yevropa meʼmorchiligining nodir namunasi “Yulduz” saroyida Qoʻqon xoni Amir Umarxon turk sultoni Mahmud II ga hadya qilgan Qurʼoni karim nusxasi saqlanmoqda. Toʻpqopi muzeyida temuriylar davriga oid qator nodir osori atiqalar. Buxoro amirining turk sultoni Abdulhamid II ga yuborgan hadyalari, islom olamining eng nodir va muqaddas omonatlari oʻzbekistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Turkiya tarixidagi muhim maskanlardan biri – Dolmabaxche saroyida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov va Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy saroylar boshqarmasi raisi Yasin Yildiz oʻrtasidagi uchrashuvda mushtarak milliy merosimizni oʻrganishda ilmiy kuch va imkoniyatlarni birlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
— Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan dunyo miqyosida islom dinining maʼrifatparvarlik tamoyillarini keng targʻib qilish, madaniy merosni asrab-avaylashda amalga oshirilayotgan ishlar alohida eʼtiborga molik, — dedi Yasin Yildiz. – Bu borada Turkiyada ham nihoyatda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi muzokaralarda ham bu borada hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilyapti. Oʻylaymizki, oʻzbekistonlik doʻstlarimizning bu tashrif har ikki yurt olimlari va tadqiqotchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Uchrashuvda bu borada oʻzbek va turk olimlarining hamkorligi doirasida qoʻshma forum tashkil qilish taklif qilindi. Yasin Yildiz Turkiyadagi milliy saroylar, muzey va kutubxonalar bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidan yangi kitob-albomlar chop etish boʻyicha hamkorlik qilishini bildirdi.
Delegatsiya vakillari ishtirokida 17-sentyabr kuni Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi – IRSIKA tashkiloti binosida mamlakatimizning qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati haqida “Yangi Oʻzbekiston: zamon, makon va madaniy meros” mavzusidagi fotokoʻrgazma tashkil qilindi. Fotokoʻrgazma doirasida “Oʻzbekiston-Turkiya: tutash ildizlar va umumiy meros” media-ivent dasturi va “Oʻzbekistonning buyuk allomalari ensiklopediyasi” loyihasi taqdimotlari oʻtkazildi.
Ushbu tadbir davomida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy ilmiy tekshirish markazlari taqdimotlari oʻtkazildi. Shuningdek media-ivent doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom tadqiqotlar markazi va IRSIKA oʻrtasida “Oʻzbekistonning buyuk allomalari” ensiklopediyasini yaratish boʻyicha kelishib olindi.