Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Turkiya oliy taʼlim tizimi rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik aloqalarning bugungi holati va uni yangi bosqichga koʻtarish imkoniyatlarini muhokama etishdi.

Jumladan, yurtimizda hamkorlikda universitet tashkil etish, oʻzbekistonlik oʻquvchi va talabalarning Turkiya oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish uchun grantlar ajratish, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, texnika va muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash, matematika, fizika, ximiya, geologiya kabi yoʻnalishlardagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Suhbat chogʻida tomonlar oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik aloqalarini jadallashtirish hamda yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olishdi.

Uchrashuv soʻngida Turkiya Oliy taʼlim kengashi raisi Erol Oʻzvar iliq qabul hamda koʻrsatilgan yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun Abduqodir Toshqulovga samimiy minnatdorlik bildirdi hamda uni Turkiyaga taklif qildi.