Shu yilning 23-26-oktyabr kunlari Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Afgʻonistonda xizmat safarida boʻldi, deb xabar beradi Idora axborot xizmati.
Uchrashuvlarda tomonlar soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar rivojlanib borayotgani, turli yoʻnalishlardagi hamkorlik munosabatlari, yaqin qoʻshnichilik va doʻstlik aloqalari mustahkamlanayotganini taʼkidladi.
Xususan, Afgʻoniston tomoni davlatimiz rahbari bir necha bor dunyo hamjamiyatiga ushbu yurtda tinch va osuda hayot uchun taqdim etgan tashabbuslari oʻzining ijobiy samarasini berayotganini alohida qayd etdilar. Ayniqsa, Oʻzbekistonning Afgʻoniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinchlik qaror topishi va dolzarb muammolarni hal etishdagi yordamlari yuqori baholandi.
Oʻz navbatida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida barcha sohalar qatori, diniy-maʼrifiy jabhada ham keng koʻlamli oʻzgarishlar boʻlayotgani, xususan, yangi masjid-madrasalar, ochilayotgani, Qurʼoni karim kurslari faoliyat yuritayotgani, Fatvo markazi ish boshlagani, haj va umra qiluvchilar soni oshayotgani va Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik loyihalar ishga tushirilayotganini alohida qayd etdilar. Oʻzbekiston ulamolarining Afgʻoniston diyoriga tarixiy tashrifi ham mana shunday yangilanishlarning uzviy davomi ekani eʼtirof etildi.
Din peshvolari oʻzbek va afgʻon xalqlarini azal-azaldan yagona din, mushtarak maqsadlar birlashtirib turishini ifodalash barobarida ulamolar hamkorligini yoʻlga qoʻyish, ilmiy-tadqiqot, taʼlim-tarbiya, oʻzaro tajriba almashish, malaka oshirish va diniy-maʼrifiy yoʻnalishlarda aloqalarni joriy etish yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.
Mezbonlar Balh viloyatida Imom Buxoriy madrasasi bunyod etilayotgani, Oʻzbekiston – Afgʻoniston chegarasida barpo etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hamda insonparvarlik yordamlari uchun Afgʻoniston xalqi nomidan Oʻzbekiston rahbariyati va xalqiga minnatdorlik izhor etdilar.
Safar asnosida mamlakatimiz tomonidan barpo etilayotgan Balh viloyatidagi Imom al-Buxoriy madrasasi, Mozori Sharif shahrida joylashgan “Ravzai Sharif” masjid-majmuasi, Kobul shahridagi “Pagʻmon qasri” majmuasi kabilarni ziyorat qilindi. Shuningdek, Kobul shahrida joylashgan “Bobur” qadamjosida Qurʼoni karim tilovat qilinib, buyuk shoir, isteʼdodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur ruhi shod etildi.
Oʻzbekiston ulamolarining Afgʻoniston safari ikki mamlakat din peshvolari hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqani bilan ahamiyatli boʻldi.