Muzokaralar chogʻida tomonlar oʻzaro munosabatlarni kompleks kengaytirishdan ikki taraf ham manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Savdo-iqtisodiy, energetika, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha dolzarb vazifalar koʻrib chiqildi.
Afgʻonistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiy faoliyatni qayta tiklashni jadallashtirish va barqaror tinchlikni saqlashga qaratilgan hamkorlikni tiklash boʻyicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi.
“Termiz – Mozori-Sharif - Kobul – Peshavor” trans–afgʻon temir yoʻlini qurish loyihasi, shuningdek, “Surxon - Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini oʻtkazish loyihasini amalga oshirishga koʻmaklashish borasidagi navbatdagi tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Afgʻoniston tomoni ushbu yoʻnalishda hamkorlikni davom ettirishga va loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Mozori-Sharif shahridagi xalqaro aeroport faoliyatini tiklash doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda mahalliy mutaxassislar orasidan texnik kadrlar tayyorlash boʻyicha tashkil etilgan tayyorlov kurslari uchun Oʻzbekistonga minnatdorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzbek-afgʻon hamkorligini yanada chuqurlashtirish bilan bogʻliq barcha masalalarni hal etishni jadallashtirish maqsadida muloqotni rivojlantirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.