Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabariga koʻra, suhbat chogʻida tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik, jumladan odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishda sheriklikni kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, muloqotda ikki mamlakat Prezidentlarining saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilgani taʼkidlandi.

Elchi janoblari majburiy mehnat va odam savdosiga qarshi kurashish borasida Oʻzbekistonda koʻrilayotgan ulkan va samarali ishlarni mamnuniyat bilan eʼtirof etdi. AQSH tomoni mamlakatimizning majburiy mehnatga qarshi kurashdagi yutuqlariga urgʻu berib, Oʻzbekistonning bu muammoni hal etishga qaratgan salmoqli saʼy-harakatlari mintaqa uchun yangi standartlarni belgilab berishini va bu tajriba boshqalar uchun namuna ekanini taʼkidladi. Daniel Rozenblyum AQSH Davlat departamentining bu sohadagi vaziyatni yana-da yaxshilashga doir tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan koʻrilgan tezkor choralarni qoʻllab-quvvatladi.

 

Elchi janoblari Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva rahbarligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining faoliyatini yuqori baholadi. Shuningdek, elchi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining yangi Qonuni jahon standartlariga toʻliq mos kelishiga va unda mehnat qilishga majburlaganlik uchun jinoiy jazo nazarda tutilganiga eʼtibor qaratdi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish, ushbu jarayonga tegishli tuzilmalar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish masalalari muhokama etildi.

Bu yoʻnalishdagi hamkorlik doirasini kengaytirish muhimligi qayd etildi. AQSH elchisi bunday turdagi jinoyatlarga aloqador shaxslarni sud orqali taʼqib qilish masalalarida AQSH Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari bilan tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.

Muloqot ishtirokchilari Oʻzbekiston fuqarolarining bu masalalardagi huquqiy ongi oshganini, bu esa tegishli sohada keng koʻlamli ishlar natijasi boʻlganini qayd etdi. Parlament nazorati kuchaytirilgani, ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining javobgarligi oshirilgani taʼkidlandi.

Bundan tashqari, tomonlar gender tenglik boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish, parlamentlar oʻrtasida oʻzaro tashriflar almashish, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan forumlar va seminarlar tashkil etish imkoniyatlarini koʻrib chiqdi.