Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida Strategik sheriklik muloqotining majlisi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 14 Dekabr 2021 1034

    Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasida Strategik sheriklik muloqotining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar delegatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisi Donald Lu rahbarlik qildilar.

    Siyosat va diplomatiya, iqtisodiyot va taraqqiyot, xavfsizlik, inson oʻlchovi, madaniy-gumanitar aloqalar yoʻnalishlaridagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamda moliya institutlari doirasidagi munosabatlar yuzasidan fikr almashildi.

    AQSHning Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlash borasidagi doimiy va qatʼiy pozitsiyasi yana bir bor tasdiqlandi. AQSH hukumati tomonidan Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni faol qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi maʼlum qilindi.

    Tomonlar “5+1” mexanizmi doirasidagi oʻzaro hamkorlikni jadallashtirish va ushbu formatni salmoqli natijalarga erishish darajasiga olib chiqish lozimligini qayd etdilar.

    Delegatsiyalar terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashish, Afgʻonistonda tinchlik jarayonini ilgari surish, mamlakatni mojarodan keyingi tiklash va afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

    Oʻzbekiston-AQSH strategik sherikligini aniq yoʻnalishlar boʻyicha institutsionallashtirish, shuningdek, Investitsiyalarni oʻzaro himoya qilish hamda Ikki tomonlama soliqqa tortishdan qochish toʻgʻrisida Bitimlar tuzish boʻyicha muzokaralar jarayonini boshlash boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.