Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 10 Avgust 2022 1678

    Joriy yil 10-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muzokaralar davomida Oʻzbekiston-Amerika koʻp qirrali hamkorligi kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Oʻzaro qiziqish va koʻp tomonlama aloqalarni oʻrnatishga intilish tufayli ikki tomonlama va mintaqaviy sheriklik yoʻnalishida erishilgan yutuqlar mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Muzokaralar davomida tomonlar savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini har tomonlama koʻrib chiqdilar. Xususan, 2022-yilning birinchi yarimida oʻzaro tovar aylanmasining 31 foizga oʻsgani va bu koʻrsatkich 247,5 million dollarga yetgani qayd etildi. Savdo munosabatlarini jadallashtirish hamda import-eksport operatsiyalari nomenklaturasini kengaytirish boʻyicha aniq tadbirlar belgilandi.

    Muloqot davomida investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatlariga toʻxtalib oʻtildi. Soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda Amerika kapitali asosida tashkil topgan korxonalar soni ikki baravar koʻpayib, 315 tani tashkil etdi. Oʻzbekistonda Amerika kompaniyalarining iqtisodiy ishtirokini kengaytirishga oʻzaro qiziqish bildirildi. Buning uchun tomonlar AQSHning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tashkilotlarini mamlakat hududida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish uchun imkoniyatlarni birlashtirishni rejalashtirdi.

    Uchrashuv davomida ikki tomonlama munosabatlarning oʻzaro manfaatli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi. Masalan, “yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish doirasida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, istiqbolli sohalarda turli loyihalarni amalga oshirishda AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bilan hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.

    Bundan tashqari, tomonlar yillar davomida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va mintaqalari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan mazmunli va samarali muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

    Deniyel Rozenblyum AQSHning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayonida Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlar va muhokama qilingan tashabbuslarni samarali amalga oshirish orqali Oʻzbekiston va AQSHning koʻp qirrali hamkorligiga yangi turtki berish mumkinligiga ishonch bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.