Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi hamkorligining yangi dinamikasi

    Ta'lim 9 Aprel 2021 1510

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida AQSHning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Deniyel Rozenblyum bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil may oyida AQSHga rasmiy tashrifi davomida ikki hukumat oʻrtasida ingliz tilini oʻqitish hamda oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida ikkita anglashuv Memorandumi imzolangan edi.

    AQSH bilan samarali hamkorligimizning yana bir yorqin namunasi – bu Toshkentda Vebster universiteti markazining ochilishidir. Hozirda, unda iqtisodiyot, biznes boshqaruvi, mediakommunikatsiya, ingliz tilini ikkinchi til sifatida oʻqitish mutaxassisliklari boʻyicha bakalavr va magistratura dasturlari amalga oshirilyapti.

    Shu bilan birga, vazir A.Toshqulov Oʻzbekiston AQSH bilan koʻproq texnika va muhandislik sohasidagi fanlarni rivojlantirish, shu sohalarda kadrlar tayyorlash bilan bogʻliq boʻlgan hamkorlikdan manfaatdorligini bildirdi. Shular qatorida energetika va muqobil energiya manbalari, mashinasozlik, arxitektura va qurilish, toʻqimachilik va kimyo sanoati texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va farmatsevtika kabi muhim sohalar ham bor.

    Oʻz navbatida Elchi Deniyel Rozenblum oʻtgan yil davomida ogʻir pandemiya sharoitlariga qaramasdan ikki tomonning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli talabalarga taʼlim berish va professor-oʻqituvchilar bilan tajriba almashish uchun bir qator amerikalik olim va mutaxassislarni jalb qilinganligini taʼkidladi.

    Elchi Rozenblyum ikki tomon hamkorlik qilayotgan sohalarni sanab oʻtdi. Birinchi navbatda, bu Markaziy Osiyo universitetlari sheriklik dasturi (UniCEN). Ushbu dastur Oʻzbekistonning 22 ta universitetini amerikalik hamkasblar bilan birlashtirib, muhandislik, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligi, ingliz tili, ekoturizm, davlat boshqaruvi va biznes yoʻnalishlarini qamrab oladi.

    Professor-oʻqituvchilarini malakasini oshirish dasturi (The Faculty Enrichment Program) Oʻzbekiston universitetlaridan bir nechta guruh oʻqituvchilarni tajriba orttirish uchun AQSHga yuboradi.

    Elchi oʻz navbatida ushbu imkoniyatlarni Oʻzbekistonning yana-da koʻproq universitetlariga kengaytirish yoʻlida vazirlik bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati.