Tomonlar delegatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va AQSh Davlat kotibining Janubiy va markaziy Osiyo boʻyicha yordamchisi Donald Lu rahbarlik qildi.
Kun tartibiga muvofiq siyosat va mintaqaviy muloqot sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bugungi kunda ochiq muloqot va oʻzaro ishonchga asoslangan Oʻzbekiston-Amerika koʻp qirrali hamkorligining jadal rivojlanishi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bundan tashqari, Amerika tomoni Oʻzbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Oʻzbekiston jiddiy muammolarga qaramay, prezident Sh.M. Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan va juda muvaffaqiyatli islohotlar yoʻlida davom etayotgani taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, Amerika tomoni islohotlar dasturini, shu jumladan iqtisodiyot, taʼlim va inson huquqlarini taʼminlash sohalarida ilgari surishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.
Delegatsiyalar, shuningdek, asosiy xavfsizlik masalalari boʻyicha hamkorlikni muhokama etdi va Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratdi.
Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonga “5+1” diplomatik platformasida faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu formatning muammolarni birgalikda hal qilish va yanada obod va xavfsiz Markaziy Osiyoni barpo etishdagi ahamiyatini taʼkidladi.
“Iqtisodiy rivojlanish” sessiyasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokama etildi. Raqamli iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, transport, suv resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida Oʻzbekiston-Amerika hamkorligini kengaytirish boʻyicha tashabbuslar koʻrib chiqildi. Ishtirokchilar ikki mamlakat kompaniyalari duch kelayotgan muammolarni samarali hal etish yuzasidan fikr almashdilar.
2023-yil Samarqandda AQSh va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi savdo va investitsiyalar boʻyicha doiraviy shartnomasi (TIFA) kengashi majlisiga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi. Tomonlar TIFA iqtisodiy kun tartibini shakllantirish uchun har ikki tomonning idoralari ishtirokida doimiy ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.
Amerika tomoni JSTga aʼzo boʻlish jarayonida Oʻzbekistonga yordam koʻrsatishni davom ettirishga tayyorligi haqida xabar berdi.
“Inson oʻlchovi” sessiyasi davomida AQSh vakillari Oʻzbekistonda demokratik institutlarni mustahkamlash, soʻz va din erkinligini himoya qilish, majburiy mehnatga barham berish va gender tengligini taʼminlash borasida erishilgan yutuqlarni ijobiy taʼrifladi.
Shuningdek, tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalarini muhokama qildilar. AQSh hukumati mamlakatda taʼlim sifatini oshirish, oʻquv bazasini takomillashtirish va oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni mamnuniyat bilan qabul qilyapti. Taʼlim sohasidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi. Ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish majburiyati tasdiqlandi. Sogʻliqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, IT, qishloq xoʻjaligi, seysmologiya va boshqalar istiqbolli yoʻnalishlar sifatida belgilandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha qoʻshma bayonot qabul qilindi.