Ushbu platforma barqaror, xavfsiz va ishonchli kritik minerallar taʼminot zanjirlarining kelajagini muhokama qilish uchun xalqaro hamkorlarni birlashtirdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston mazkur sohada katta salohiyatga ega boʻlib, uni transparentlik, ekologik masʼuliyat va yuqori qoʻshilgan qiymatli ishlab chiqarish kabi eng yuqori xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga sodiqdir.

Tashqi ishlar vaziri mamlakatning xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ilgʻor texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, taʼminot zanjirlarining barqarorligini mustahkamlash va toza energetikaga oʻtishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha global saʼy-harakatlarga hissa qoʻshishga tayyorligini tasdiqladi.

Marko Rubio bilan boʻlgan uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibi bilan bir qatorda global darajadagi eng dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Shuningdek, yaqinda tashkil etilgan Tinchlik kengashi mojarolardan jabr koʻrgan hududlarda barqarorlik va farovonlikni ilgari surishda samarali platformaga aylanayotgani, millionlab insonlarga xavfsiz va munosib kelajakka umid bagʻishlayotgani taʼkidlandi.

Tomonlar umumiy muammolarni hal etish, xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni ilgari surish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga umumiy sodiqlikni tasdiqladilar.

Baxtiyor Saidov, shuningdek, AQSH davlat kotibining birinchi oʻrinbosari Kristofer Landau bilan ham uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralar asosan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish, shuningdek, yangi istiqbolli loyihalar doirasini kengaytirish masalalariga qaratildi.

Shu bilan birga, 2026-yilga moʻljallangan ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi yuzasidan fikr almashilib, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi kengaytirilgan strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga umumiy intilish tasdiqlandi.

Uchrashuv yakunida Baxtiyor Saidov va Kristofer Landau Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hamda Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati oʻrtasida kritik minerallar va kamyob yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlash sohasida taʼminot ishonchliligini taʼminlash boʻyicha Oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

“Biz kritik minerallarni nafaqat iqtisodiy imkoniyat, balki masʼuliyatli hamkorlik va uzoq muddatli barqaror rivojlanish sohasi sifatida koʻramiz”, — dedi vazir.