Tadbirda ikki mamlakatdan 100 ga yaqin tadbirkor, savdo-sanoat palatalari va xalqaro moliya institutlari vakillari, shuningdek, Oʻzbekiston vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar Federal vaziri M.Linxart soʻzga chiqdi. Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda munosabatlarning ishga solinmagan salohiyatini qayd etib, oʻzbek va avstriyalik tadbirkorlar oʻrtasida sheriklikni yoʻlga qoʻyish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida oʻzaro hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini taʼkidladi.

Energetika, neft-kimyo sanoati, IT sohasi, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va bank-moliya yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning ulkan istiqbollari qayd etildi.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning sezilarli natijalari hamda ularning ortga qaytmasligi taʼkidlandi. Milliy iqtisodiyotni liberallashtirish va mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasidagi izchil chora-tadbirlar tufayli Oʻzbekiston bilan Avstriya oʻrtasida iqtisodiy sheriklikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar shakllantirilgani maʼlum qilindi. Avstriya kompaniyalarining Oʻzbekistonning kimyo, togʻ — kon sanoati va avtomobilsozlik sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishdagi “muvaffaqiyat hikoyalari” ham qayd etildi.

Forumda Avstriya Federal Iqtisodiyot palatasi, Avstriyaning yirik kompaniyalari, Oʻzbekistonning vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari va vakillari, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi. Ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlik qilish uchun mavjud imkoniyatlar atroflicha ochib berildi, turli tarmoqlarning investitsiyaviy va savdo salohiyati, shuningdek, Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar taqdimoti oʻtkazildi.

Biznes-forum davomida “B2B” shaklida uchrashuvlar oʻtkazildi. Ularda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari istiqbolli loyihalarni muhokama qilish va yaqin kelajakda aniq kelishuvlarga erishish maqsadida oʻzaro hamkorlik sohalarini aniqlash imkoniyatiga ega boʻldi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.