Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda Avstriya parlamenti rahbariyatining Oʻzbekistonga ilk rasmiy tashrifi ikki davlat parlamentlararo hamkorligini rivojlantirishda muhim bosqich boʻlgani qayd etildi.

Muzokaralar chogʻida parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, ijtimoiy himoya sohasida tajriba almashish, turizmni rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, barqaror rivojlanish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va yoshlar siyosati kabi keng koʻlamli masalalar muhokama qilindi.

T.Norboyeva taʼkidlaganidek, davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda parlament vakolatlari izchil kengayib, xotin-qizlarning siyosatdagi ishtiroki yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Suhbat davomida parlamentlararo hamkorlikni, shu jumladan xalqaro parlament tashkilotlari doirasida faollashtirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi va qator aniq tashabbuslar ilgari surildi.

Parlamentlar va tegishli qoʻmitalar rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini oʻtkazish, parlamentlararo doʻstlik guruhlarining qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish, hududlararo aloqalarni kengaytirish shular jumlasidandir.