5-yanvar kuni Abu-Dabi shahridagi «Qasr ash-Shati« qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar.
Uchrashuv avvalida Oʻzbekiston Prezidenti BAA Prezidentiga tashrif bilan kelish taklifi va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi« muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston-BAA doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini, shu jumladan, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda yanada rivojlantirishning muhim masalalarini muhokama qildilar.
Oʻzbekiston va Amirliklar xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, oʻxshash anʼana va qadriyatlar, muqaddas islom dini chambarchas bogʻlab turgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston yetakchisining BAAga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochayotgani — ular strategik sheriklik darajasiga koʻtarilayotgani qayd etildi.
Soʻnggi yillarda tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qoʻshma korxonalar soni bir necha barobar oshdi. Toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar soni koʻpaydi, vizasiz tartib joriy qilindi.
Tashrif doirasida BAAning yetakchi kompaniyalari bilan yangi, asosan yuqori texnologik tarmoqlarda loyihalar portfeli shakllantirildi.
Siyosiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Yetakchilar iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini, jumladan sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, «yashil« energetika, shaharsozlik va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi 6 ta asosiy yoʻnalishni belgilab oldilar. Har bir ustuvor soha boʻyicha alohida ishchi guruhlar tashkil etishga kelishildi.
Tomonlar 2025-2027-yillarni «Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri« deb eʼlon qilish taklifini qoʻllab-quvvatladilar.
Shu maʼnoda, 2030-yilga qadar oʻzaro savdo hajmini 10 barobarga koʻpaytirish va investitsiya portfelini 50 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilandi.
Oʻzbekiston ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va BAA kompaniyalarining yurtimizdagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirishdan manfaatdorligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv koʻlamini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari Muhammad bin Zoid nomidagi universitet bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va sunʼiy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish boʻyicha qoʻshma dasturni ishga tushirishni taklif etdi.
Muzokaralar davomida boʻlajak oliy darajadagi tadbirlarga, shu jumladan joriy yilda Samarqand shahrida oʻtkaziladigan «Markaziy Osiyo — Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi« muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Yetakchilar xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashdilar.