Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida huquqiy hamkorlik yanada mustahkamlanadi

    Senatning yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi Bitimni (Toshkent, 2024-yil 27-sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi hamkorlik tez surʼatlarda rivojlanib boryapti. Shu kunga qadar ikki davlat oʻrtasida ekstraditsiya, jinoyat ishlarida huquqiy yordam, havo qatnovi, savdo-iqtisodiy munosabatlar, daromad soliqlari boʻyicha ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish, fan va texnika kabi yoʻnalishlarda jami 31 ta kelishuv imzolangan.

    Qonun bilan ratifikatsiya qilinayotgan ushbu Bitim Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida 2024-yil 17-sentyabrda Toshkent shahrida imzolangan.

    Hujjatda ikki davlat oʻrtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, har ikki davlat fuqarolarini bir-birining hududida teng huquqiy himoya bilan taʼminlash hamda fuqarolik va iqtisodiy masalalar yuzasidan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini yaratish nazarda tutilgan.

    Shuningdek, fuqarolar oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni hal etish, sud hujjatlarini tan olish va ijro etish kabi masalalar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish tartibi ham belgilanyapti.

    Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi kelgusida ikki mamlakat oʻrtasidagi shartnomaviy-huquqiy munosabatlarni yanda rivojlantirish va mustahkamlashga, xususan, sud-huquq sohasida hamkorlikning yanada rivojlanishiga erishish, shuningdek, ikki davlat oʻrtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.