Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Investitsiyalar 30 Avgust 2022 2147

    Joriy yil 29-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev videokonferensaloqa tarzida Birlashgan Arab Amirliklarining energetika va infratuzilma vaziri Suxeyl Muhammad al-Mazrui bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Muzokaralar davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi investitsiyaviy munosabatlarning keng koʻlamli masalalari, shuningdek, strategik sheriklik va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama etildi.

    Tomonlar savdo-iqtisodiy sohada, shuningdek, anʼanaviy va muqobil energetika, logistika, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va turizm yoʻnalishlarida jadal rivojlanayotgan hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    Muzokaralar davomida investitsiyalar sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Taʼkidlanganidek, bugungi kunda qoʻshma investitsiya portfeli umumiy qiymati 3 milliard dollarga yaqin boʻlgan 17 ta loyihadan iborat.

    Eʼlon qilingan kapitali 1 milliard dollarni tashkil etuvchi Oʻzbekiston-BAA qoʻshma investitsiya kompaniyasi faoliyatining natijalari yuqori baholandi. Kompaniya bugungi kunda 100 million dollardan koʻproq mablagʻni oʻzlashtirgan. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining Mubadala va Taka kompaniyalari tomonidan Talimarjon IYESning mavjud bloklarini xususiylashtirish va negizida yangi energiya bloklarini qurish loyihasini amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan Toshkent shahrida huquqiy bitimlar imzolashga tayyorgarlik koʻrish muddatlari muhokama etildi.

    Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida konstruktiv fikr almashishni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.