Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va gumanitar sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini ko'rib chiqdilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Savdo munosabatlarini faollashtirish va o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun tarif va notarif tartibga solishni o'z ichiga olgan kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligi ta'kidlandi. Ushbu nuqtai nazardan, tegishli vazirlik va idoralarga ikki tomonlama savdoni rag'batlantirishga qaratilgan bir qator muhim kelishuvlar bo'yicha muzokaralarni jadallashtirish vazifasi yuklatildi.
Ta'minot zanjirlarining logistikasini takomillashtirish va kamxarajat transport yo'nalishlari bo'yicha takliflar ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi. Shu nuqtai nazardan, "O'zbekiston – Chabahar porti – Chitagong porti" yo'nalishi bo'yicha ilk bor yuklarni tashib ko'rish, shuningdek, "Uzbekistan Airways" AJ va "Biman Airlines" Bangladesh milliy aviatashuvchisi o'rtasida Toshkent – Dehli - Dakka va teskari yo'nalishda aviaqatnovni tashkil etish bo'yicha kod-shering (reyslarni hamkorlikda ekspluatatsiya qilish) shartnomasini tuzishga kelishildi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining o'zaro tashriflari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida diplomatik pasport egalarining o‘zaro vizasiz safarlari to‘g‘risidagi shartnomani ishlab chiqish, shuningdek, ishbilarmonlar uchun viza rejimini engillashtirish borasida konsullik xizmatlari o'rtasida maslahatlashuvlar o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Kimyo, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat, to'qimachilik, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida qo'shma korxonalar tashkil qilish hamda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo'yicha yakdil qarorga kelindi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ham ko'rib chiqildi. Tomonlar qishloq joylarda va ta'lim tizimida raqamlashtirishni kengaytirish borasida o'zbek-bangladesh hamkorligi bo'yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi to'g'risida kelishib oldilar.
Dakka shahrida O'zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasini ochish imkoniyati muhokama qilindi. Ramziy ma'noda ushbu tadbirni mamlakatlar o'rtasida ikki tomonlama munosabatlar o'rnatilganining 30 yilligiga bag'ishlash taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mamlakatlar o'rtasidagi munosabatlarni loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bosqichiga o'tkazish maqsadida faol va doimiy muloqot qilishga tayyorligini tasdiqladilar.