Uchrashuv davomida adliya vaziri Ruslanbek Davletov hamkasbiga «Tashkent Law Spring» II Xalqaro yuridik forumidagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirib, uning chiqishi forum ishiga beqiyos hissa qo‘shgani va mazmunan boyitganligini qayd etdi.
O‘z navbatida Belarus Respublikasi adliya vaziri hamkasbini «Tashkent Law Spring» II Xalqaro yuridik forumi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
Shuningdek, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Belarus Respublikalari adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
Hamkorlik kelishuvining asosiy maqsadi – o‘zaro manfaat, tenglik va samimiylik asosida huquq sohasida ikki tomonlama hamkorlik qilish hamda bu boradagi institutsional munosabatlarni yaratishdan iborat.
Kelishuvga ko‘ra elektron adliyani rivojlantirish, jumladan adliya muassasalarini axborotlashtirish, advokatura va notarial faoliyatni huquqiy jihatdan tartibga solish, yuridik xizmatlar taqdim etish tizimini tashkil qilish va rivojlantirish, mediatsiya institutini rivojlantirish, yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish kabi sohalarida o‘zaro hamkorlik amalga oshiriladi.
Imzolangan hujjat ikki mamlakat adliya vazirliklari o‘rtasida huquq sohasida samarali hamkorlik qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasining «Huquq bilan vaksinatsiya» 9 ¾-Peterburg xalqaro yuridik forumidagi ishtiroki davom etmoqda, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.