“Dunyo“ AAning xabar berishicha, suhbat chogʻida tomonlar oʻzaro savdo-iqtisodiy munosabatlarning holati toʻgʻrisida maʼlumot almashdilar, shuningdek, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2024-yil fevral oyida Oʻzbekistonga qilgan rasmiy tashrifi yakunlari boʻyicha qabul qilingan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirishning borishini koʻrib chiqdilar.
Vazir Artur Karpovich MDHga aʼzo davlatlarning monopoliyaga qarshi siyosat boʻyicha davlatlararo kengashi doirasida oʻzbekistonlik hamkasblar bilan konstruktiv hamkorlikni yuqori baholadi.
U Monopoliyaga qarshi kurashish, tartibga solish va savdo vazirligining tarkibiy boʻlinmasi – Belarus universal tovar birjasi faoliyatiga alohida toʻxtalib, birja oʻzbek hamkorlari bilan soʻnggi ikki yil davomida oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyganini eʼtirof etdi.
Tomonlar 2024-yil fevral oyida oliy darajadagi tashrif yakunlari boʻyicha imzolangan Oʻzbekiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va Belarus Monopoliyaga qarshi kurashish, tartibga solish va savdo vazirligi oʻrtasida raqobatni rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi bitim qoidalarini amaliyotga tadbiq etish, shuningdek, undan samarali foydalanish muhimligini qayd etdilar.
Ushbu bitim qoidalarini amalga oshirish mexanizmi, aniq muddatlari va masʼul shaxslarni tartibga soluvchi qoʻshma harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqishga kelishib olindi.