Oʻzbekiston va Belarus parlamentlari yetakchilarining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar oʻzaro ishonch va doʻstona muhitda rivojlanayotganligi alohida qayd etildi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib boryapti. Keyingi yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 5 barobarga koʻpayib, 500 million dollardan oshdi.
Shu bilan birga muloqot davomida prezidentlarimiz tomonidan oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni huquqiy jihatdan taʼminlashda parlamentlarimizning faolligini oshirish zarurligi aytib oʻtildi.
Muzokarada ikki davlat oʻrtasida parlamentlararo muloqotni samarali davom ettirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Hududlarni rivojlantirish, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ular oʻrtasida biznes aloqalarini mustahkamlash yoʻnalishlarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.
Shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini taʼminlash uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshirishi zarurligiga toʻxtalib oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi hamkorlik bundan buyon ham oʻzaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda konstruktiv tarzda rivojlanishiga umid bildirildi.