Suhbat chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohada va parlamentlar oʻrtasidagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi. Taʼkidlanganidek, ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi muloqot va oliy darajadagi tashriflar davlatlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oxirgi yillarda 5 barobarga oshdi. Sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va turizm sohalarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Madaniy-gumanitar sohada “Sharq taronalari”, “Slavyanskiy bazar” kabi festivallar oʻtkazish orqali hamkorlik kuchaygani taʼkidlandi. Taʼlim yoʻnalishida 45 ta oliy oʻquv tashkilotlari hamkorligi yoʻlga qoʻyilib, ikki mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.

Parlamentlararo yoʻnalishda tashriflar, qoʻshma forumlar va komissiya faoliyati izchil davom etyapti. Joriy yilda “doʻstlik guruhi” Hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyaga aylantirilgani muhim qadam sifatida baholandi.

Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga doir hujjatlar imzolandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.