O‘zbekiston va Belarus Prezidenti amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

    Hukumat 24 Iyul 2022 4089

    24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

    Belarus rahbari O‘zbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, do‘st O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

    Prezidentlar keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Belarus munosabatlari jadal rivojlanib, aniq mazmun bilan boyib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    O‘zaro savdo hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari soni oshmoqda, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuv kengaymoqda.

    Hukumatlar rahbarlari darajasida muntazam va samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgani yuqori baholandi. Mashinasozlik, agrosanoat majmui, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmoqlarida, amaliy hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

    Xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi.