Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Yalpi majlis ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan yoʻllangan murojaatlar oʻqib eshittirildi.
Ushbu murojaatlarda ikki davlat rahbarlarining ayollar ishtirokidagi biznes hamkorlikni rivojlantirishga qaratayotgan eʼtibori alohida taʼkidlandi.
Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, uning istiqbollari, xususan, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Biznes-forum natijalari samarali va amaliy jihatdan boy boʻldi. Forum doirasida 140 million dollardan ortiq qiymatga ega 10 ta tijorat bitimi, 3 ta anglashuv memorandumi, 27 ta shartnoma hamda 4 ta “yoʻl xaritasi” imzolandi.
Tadbirda Oʻzbekiston va Belarusdan 200 dan ziyod tadbirkorlar ishtirok etdi. Ularning 60 nafari oʻzbekistonlik tadbirkor ayolardir. Tadbirkorlarimiz turli sohalarga taalluqli loyihalarni taqdim etdilar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Forum ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi tashabbuslar va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratilgani taʼkidlandi.
Yalpi majlis yakunida Oʻzbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forumi deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.
Oʻzbekiston–Belarus tadbirkor ayollarining keyingi – toʻrtinchi biznes-forumini Oʻzbekistonda, tarixiy shaharlardan birida oʻtkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.