Uchrashuv davomida YEOII huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomidagi Oʻzbekistonning ittifoq bilan oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. YEOII xalqaro nufuzining ortib borishi va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik geografiyasining kengayib borishi qayd etildi. Iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishda ijobiy oʻzgarishlar qayd etildi. Xususan, oʻtgan toʻrt yil mobaynida Oʻzbekiston va YEOII mamlakatlari oʻrtasidagi savdo hajmi 75 foizga oshdi.

Kelgusidagi hamkorlik istiqbollari haqida soʻz yuritganda, tomonlar oʻzaro manfaatli iqtisodiy sheriklik, teng huquqlilik va milliy manfaatlarni inobatga olish tamoyillariga, shuningdek, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida Oʻzbekiston YEOII mamlakatlari bilan yaqindan hamkorlik qilishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirishga oʻzaro sodiqligini bildirdilar.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, toʻsiqlarsiz oʻzaro savdo qilishga sharoitlar yaratish va mintaqaning tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshma kompleks dasturlarni hayotga tatbiq etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shu nuqtayi nazardan, logistika va bojxona jarayonlarini soddalashtirish, mavjud boʻlgan toʻsiqlarni olib tashlash, texnik reglamentlar va texnik jihatdan tartibga solish meʼyorlarini uygʻunlashtirish, tarif va notarif tartibga solish sohasida mutaxassislar malakasini oshirish, shuningdek, mehnat migratsiyasini soddalashtirish hamda mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilish va amalga oshirish boʻyicha kelgusida olib boriladigan ishlar belgilandi.

Tomonlar Oʻzbekiston Yevroosiyo taraqqiyot banki va Yevroosiyo barqarorlashtirish va rivojlantirish jamgʻarmasi bilan hamkorligining istiqbollarini ham muhokama etdilar, deb xabar beradi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuv yakunida yuzaga keladigan barcha masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida YEOIK bilan ekspertlar darajasida doimiy aloqalar mexanizmini joriy etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu ham Oʻzbekiston va YEOII oʻrtasida samarali hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.