Tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Eron tomoniga esa iqtisodiy masalalar boʻyicha vitse-prezident Muhsin Rizoiy Mirhayot boshchilik qildi.

Delegatsiyalar rahbarlari oʻz chiqishlarida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida sheriklik aloqalarini oʻrnatish uchun foydalanilmagan ulkan salohiyat, shuningdek, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli ishbilarmonlik munosabatlarni yoʻlga qoʻyish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladilar. Ular orasida Oʻzbekistonda xorijiy biznesni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy kapitalni himoya qilish, hududlar va tarmoqlarning investitsiyaviy salohiyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, shuningdek, investitsiyaviy muhitni yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham bor.

Tadbirda ikki mamlakat iqtisodiyotlari oʻzaro manfaatli tarzda bir-birini toʻldirib turgani va bu bilan toʻqimachilik, kimyo, farmatsevtika, elektrotexnika, biotibbiyot, qurilish materiallari ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi taʼkidlandi. Hozirgi kunga kelib parrandachilik, baliqchilik, oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Soʻnggi 5 yil ichida esa, Oʻzbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 baravar koʻpaydi.

Tadbir dasturi doirasida investitsiyalarni jalb qilishning eng istiqbolli yoʻnalishlari hamda ustuvor tarmoqlarda Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati va tayyor loyiha takliflari toʻgʻrisida taqdimotlar oʻtkazildi.

Forum ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining “B2B” formatidagi uchrashuvlariga ham boy boʻldi. Ular davomida Oʻzbekistonda qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari oʻzaro manfaatli aniq kelishuvlarga erishish maqsadida forum ishtirokchilarini yaqin va samarali hamkorlikka chaqirdilar. Forum yakunlari boʻyicha Eron va Oʻzbekiston ishbilarmonlari oʻrtasida qiymati qariyb 200 million dollarlik qator investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.