Uchrashuv chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklikning hozirgi holati hamda uni chuqurlashtirishning birinchi darajali vazifalari muhokama qilindi. Shu oʻrinda, Oʻzbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyasining 14-yigʻilishi doirasida erishilgan kelishuvlarning ahamiyati taʼkidlandi.
Oʻzbekiston-Eron savdo aylanmasi hajmini koʻpaytirish boʻyicha amaliy hamkorlik qilishga oʻzaro tayyorlik bildirildi. Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim imzolanishi bu yoʻnalishdagi muhim qadam boʻlishi mumkin. Shu munosabat bilan tomonlar ushbu hujjat yuzasidan kelishishni tezlashtirishga qaratilgan idoralararo hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
Qurilish, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo va yengil sanoat, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida investitsiyaviy hamkorlikni oshirish boʻyicha konstruktiv takliflar bildirildi. Ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari hamda xususiy kompaniyalari tomonidan ushbu sohalarda yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida urgʻu berildi. Ikki mamlakat hududlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri va tranzit tarzda yuk tashish hajmini oshirishni, shuningdek, yangi kam xarajatli transport yoʻnalishlarni tashkil qilishni nazarda tutgan holda, ushbu sohada munosabatlarni rivojlantirishning keng istiqbollari qayd etildi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Eron Hukumatlararo komissiyasining 14-yigʻilishi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalda joriy etishga oʻzaro sodiqligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.