O‘zbekiston va Eron o‘rtasida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi

    Hukumat 14 Sentabr 2022 4709

    Oliy darajadagi O‘zbekiston-Eron muzokaralari samarali va amaliy ruhda o‘tdi. Uchrashuv yakunida hamkorlikning turli sohalarini qamrab olgan 18 ta hujjat imzolandi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy Qo‘shma bayonot imzoladilar. Unda asosiy kelishuvlar qayd etilgan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi uzoq muddatli vazifalar belgilangan.

    Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitim va memorandumlar imzolandi. Bular:

    - ishbilarmonlik va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish to‘g‘risida bitim;

    - diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan ikki tomonlama ozod etish to‘g‘risida bitim;

    - 2022-2025-yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi;

    - fan, texnika va innovatsiya sohalarida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum;

    - bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarining harakati to‘g‘risida elektron bojxona axborotini almashish to‘g‘risida memorandum;

    - E-TIRga oid elektron axborotni almashish to‘g‘risida memorandum;

    - fan, tadqiqotlar, ta’lim va texnologiyalar sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

    - qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi bitim;

    - sog‘liqni saqlash, davolash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim, farmatsevtika va tibbiy uskunalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

    - sport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

    - neft, gaz va neft-kimyo tarmoqlaridagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

    - “Chobahor” porti orqali xalqaro yuk tashishlar va tranzitni amalga oshirish to‘g‘risida memorandum;

    - 2022-2024-yillarda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;

    - bandlik va mehnat munosabatlari masalalari bo‘yicha memorandum.

    Shuningdek, Abu Rayhon nomidagi O‘zbekiston Sharqshunoslik instituti hamda Eron Arxiv tashkiloti va Milliy kutubxonasi o‘rtasida, ikki mamlakatning Ibn Sino fondlari o‘rtasida hujjatlar imzolandi.