Qozog'istonning "Kazinform" xalqaro axborot agentligi ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Eronda bo'ldi.
Tehronda Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Aref va O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov o'rtasida bo'lib o'tgan uchrashuvda ikki davlat o'rtasidagi kelgusi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar o'zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Shu maqsadda O'zbekiston va Eron transport-logistika sohasidagi ko'p yillik muammolarni hal etishga alohida e'tibor qaratib, kuchlarni birlashtirishga kelishib oldi.
Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, hududlararo aloqalarni faollashtirish, fan, ta'lim, texnologiyalar va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish hamda turizm, madaniyat va gumanitar sohalardagi o'zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini ta'kidilar.
Tashrif doirasida O'zbekiston va Eron biznes-forumi o'tkazildi. Tadbirda ikki mamlakat o'rtasidagi tovar aylanmasini 500 million dollarga yetgani, qo'shma korxonalar soni esa 210 tadan oshgani qayd etildi.
Forumda hamkorlik salohiyati tahlil qilinib, yangi o'sish nuqtalari belgilandi. 1 milliard dollarlik loyihalar va savdo shartnomalari portfeli shakllantirildi.