Suhbat davomida Oʻzbekistonning YETTB bilan moliyaviy va investitsiyaviy hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.
Bosh kotib Kazuxiko Koguchi YETTB hamkorligida respublikada keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilayotganligini qayd etdi. U, shuningdek, YETTB hozirgi kunda Yangi Oʻzbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholashini va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi maʼlum qildi.
“YETTBning respublikadagi faoliyati, jumladan xususiylashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri chet el sarmoyalarini jalb etish, “yashil” iqtisodiyot, energetika va transport loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini joriy etish hamda ayollar va yoshlar tadbirkorligi dasturlarini rivojlantirishda koʻmaklashishga qaratilgan”, dedi u.
Muloqot yakunida mazkur yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish maqsadida ikki tomonlama uchrashuv va tashriflarni ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
YETTB shu kunga qadar Oʻzbekiston bilan hamkorlikda jami 162 ta loyihani amalga oshirgan. Umumiy loyihalar portfelining 52 foizi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keladi.