Onlayn-uchrashuvda Shveysariya, Shvetsiya, Portugaliya, Belgiya, Xorvatiya, Ispaniya, Rossiya, Gruziya kabi davlatlarning mehnat vazirlari, ishchilar va ish beruvchilar tashkilotlari rahbarlari Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ishtirok etdi.
“Hamma kutilmagan va misli koʻrilmagan vaziyatga tushib qoldi. Bu millionlab odamlarning hayoti va taqdiriga javobgar boʻlgan hukumatlar, ijtimoiy sheriklar va xalqaro tashkilotlar uchun murakkab va oʻziga xos chaqiriqdir”, – dedi Xalqaro Mehnat Byurosining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy direktori Xayns Koller.
Munozaralari chogʻida mintaqa davlatlarining vakillari pandemiya davrida har bir mamlakatning mehnat bozorini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumot berdi.
Oʻzbekiston tajribasini taqdim etar ekan, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov sammit ishtirokchilariga Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida hukumat tomonidan aholi bandligini ragʻbatlantirish, ishchilarning ish oʻrinlari va daromadlarini saqlab qolish, ish joylarida xavfsizlik va mehnat gigiyenasini taʼminlash, kamsitish va ijtimoiy izolyatsiyalashni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan keng koʻlamli inqirozga qarshi choralar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.
Muhokamalarini yakunlar ekan, X.Koller 2008-2009-yillardagi moliyaviy inqirozdan farqli oʻlaroq, bugungi kunda hukumatlar barchaga munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash uchun tegishli sarmoyalarni ajratishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
“Ushbu murakkab davrda XMTning yuz yillik deklaratsiyasi va 2030 Kun tartibi biz uchun eng muhim maqsad boʻlib qolmoqda. Bu, birinchi navbatda, korxonalarni qoʻllab-quvvatlash va mehnat sohasida ishchilarni himoya qilishdir”, – deya xulosa qildi Mintaqaviy direktor.
Kelgusi hafta Xalqaro Mehnat Tashkilotining Global Sammitidagi munozaralar oliy darajadagi davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro institutlar va tashkilotlar vakillari darajasida davom ettiriladi.