Avvalam bor mazkur tashrif Fransiya Prezidentining Oʻzbekistonga soʻnggi 30 yil ichida amalga oshirgan ilk safari boʻlib doʻst mamlakatlar oʻrtasidagi ikkitomonlama munosabatlarni yanada yuqori  pogʻonaga koʻtardi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Fransiya munosabatlarining yangi bosqichga chiqishiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Rivojlanish strategiyasining Fransiya Prezidenti E.Makronning islohotlar dasturi bilan yaqinligi,  ikki davlatning asosiy xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilinishida yondashuvlarining mos kelishi va oʻxshashligi  ijobiy  taʼsir koʻrsatmoqda. Bu esa oʻz navbatida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, dolzarbligi oshib borayotgan yangi xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurash olib borish masalalarini kun tartibiga qoʻymoqda.

Shu bilan birga Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv va yaxshi qoʻshnichilik siyosati natijasida mintaqada qaror topgan yangi siyosiy muhit Markaziy Osiyo yoʻnalishida Fransiya tashqi siyosatining maqsadlariga erishish uchun munosib  sharoitni yuzaga keltirmoqda.

Tashrifning eng asosiy jihatlaridan biri davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga koʻtarishga kelishib oldilar. Bu esa soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida jadal rivojlanib borayotgan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy hamkorlikning mantiqiy natijasidir.

Fransiya rahbari tomonidan mamlakatimizning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaganligi bugungi kunda Oʻzbekiston olib borayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganligining yana bir yorqin misolidir.

Tashrifning yana bir muhim natijalaridan biri xalqaro maydonida nufuzli oʻringa ega boʻlgan Fransiya mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini hamda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidladi.

Shuni aytish lozimki, soʻngi yillarda jadal rivojlanib borayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlik ikkitomonlama munosabatlarning asosini tashkil qiladi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida yil sayin oʻzaro tovar ayirboshlash miqdori oʻsib bormoqda.  Jumladan, 2017-yildan boshlab Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 33,1 foizga oshdi – 257,2 million AQSH dollaridan 2022-yil yakunlariga koʻra 342,4 million AQSH dollariga yetdi.   Shu bilan birga, savdo hajmining oshishi  davom etmoqda. Joriy yilning birinchi 9 oyida ushbu koʻrsatkich 658,7 million AQSH dollariga yetdi. Bugungi kunda Fransiya Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo sheriklaridan biri deb aytish bejiz emas.

Yurtimizda Fransiyaning Orano, EDF, Total, SUEZ, Eiffage, Voltalia, Lactalis, Veolia va koʻplab boshqa yetakchi shirkatlari energetika, togʻ-kon sanoati, suv taʼminoti, transport, qishloq xoʻjaligi sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda va ularning soni soʻnggi yillarda 4 barobarga oshdi. Xususan yurtimizda faoliyat olib borayotgan 47 ta korxonaning 23 tasi 100 foiz fransuz sarmoyalari asosida ish yuritmoqda.

Muzokaralar davomida  tomonlar kelgusida savdo hajmini keskin oshirish, Fransiya kompaniyalarining investitsiyaviy faoliyatini faollashtirish masalalariga har tomonlama koʻmaklashishga kelishib oldilar.

Bunda qoʻshma loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy qilinadi, biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi va ishbilarmonlik tashabbuslariga har tomonlama koʻmaklashiladi.

Tashrif doirasida Fransiyaning yirik shirkatlari ishtirokida tashkil qilingan qoʻshma biznes forum chogʻida mamlakatimiz rahbari Oʻzbekiston-Fransiya sherikligini kengaytirish boʻyicha toʻrtta eng ustuvor yoʻnalishni koʻrsatib oʻtdi va qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, mamlakatimiz “yashil” energetikadek muhim sohada strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekani taʼkidlandi. Yana bir muhim yoʻnalish sifatida strategik xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va ilgʻor texnologiyalar asosida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish qayd etildi. Suv resurslaridan samarali foydalanish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish dolzarb masala sifatida koʻrsatib oʻtildi. Navbatdagi ustuvor yoʻnalish sifatida qishloq xoʻjaligida raqobatbardoshlikni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratildi.

Hech shubhasiz, Samarqanddagi uchrashuv chogʻida erishilgan kelishuvlar, imzolangan shartnoma va xujjatlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan toʻldirdi, davlatlarimiz ravnaqi va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida yangi istiqbollarni belgilab berdi.                                                                        

Abror FATXULLAYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar

instituti boʻlim rahbari