Oʻzbekiston va Fransiya investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytiradi

    Investitsiyalar 25 Mart 2023 847

    Joriy yil 23-martda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fuqarolar ishlari boʻyicha delegat vaziri Oliver Besht oʻrtasida videokonferensiya tarzida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Muloqot chogʻida energetika, suv taʼminoti, turizm, transport va logistika sohalarida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorlik taʼkidlandi.

    Tomonlar Fransiyaning EDF, Total Energies va Voltalia kompaniyalari bilan birgalikda elektr stansiyalarini qurish loyihalari texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish jarayonini konstruktiv tarzda koʻrib chiqdilar.

    “Orano Mining” kompaniyasi bilan konchilik sanoatida foydali qazilmalarni ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini oshirish, shuningdek, Eiffage va Suez kompaniyalari tomonidan Yakkabogʻ-Qarshi magistral suv quvuri qurilishi loyihasi boʻyicha ishlarni boshlashni jadallashtirish, Toshkentda suv taʼminoti loyihalarini amalga oshirishda erishilayotgan sezilarli muvaffaqiyatlar qayd etildi.

    Alstom va ATR kompaniyalari bilan transport sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama etildi.

    Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Fransiya hamkorligini mustahkamlash va kengaytirishning drayveri hisoblanayotgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar joriy yilning aprel oyida MEDEF International Fransiya tadbirkorlari harakati aʼzolarining qoʻshma biznes-forumda ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishiga va may oyida Toshkentda Oʻzbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib oldilar.

    Muzokaralar yakunlari boʻyicha muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga qatʼiy oʻzaro sodiqlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.