Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi moda sohasidagi taʼlim hamkorligi 2019-yildan boshlab yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti hamda Xalqaro Parij Moda Akademiyasi tomonidan tashkil etilgan qoʻshma taʼlim dasturi orqali talabalar ikki diplomga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻldi. Ushbu dastur doirasida oʻquvchilar zamonaviy texnologiyalar, ekologik dizayn, moda marketingi va xalqaro moda menejmenti boʻyicha yetuk bilim va koʻnikmalarga ega boʻlib, global brendlar bilan ishlashga tayyor boʻlib yetishmoqda.
Parijda boʻlib oʻtadigan “Oʻzbek modasi: anʼanalar va ilhom choʻqqisi” milliy va zamonaviy liboslar defilesi ushbu hamkorlikning yorqin natijalaridan biridir. Bu tadbir nafaqat Oʻzbekistonning milliy kiyinish madaniyatini dunyoga tanishtiradi, balki yosh dizaynerlar va mutaxassislar uchun xalqaro sahnaga chiqish eshiklarini ochadi.
Dunyo brendlari va Oʻzbekiston dizaynerlari
Soʻnggi yillarda dunyoning yirik moda brendlari Oʻzbekistonga kirib kelmoqda. Oʻzbekistonning boy toʻqimachilik anʼanalari, sifatli tabiiy matolari va hunarmandchiligi xalqaro moda uylarining eʼtiborini tortmoqda. Bu esa yosh dizaynerlar va moda mutaxassislari uchun ulkan imkoniyatlar yaratmoqda.
Kelajakda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti bitiruvchilari xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozonishi, hattoki, oʻz brendlariga asos solishi kutilmoqda. Bugungi kunda institut bitiruvchilari nafaqat mahalliy moda industriyasida, balki xalqaro darajadagi brendlarda ham faoliyat yuritish imkoniga ega. Zamonaviy texnologiyalar, barqaror moda tamoyillari va xalqaro tajribani oʻzlashtirgan yosh mutaxassislar dunyo modasida oʻz oʻrnini topishi aniq.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston bozori xalqaro brendlar uchun jozibador boʻlib bormoqda. H&M, Zara, Gucci, Louis Vuitton kabi yirik moda uylarining Oʻzbekistonga kirib kelishi nafaqat isteʼmolchilar, balki mahalliy dizaynerlar va ishlab chiqaruvchilar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ular xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarish, marketing va dizayn jarayonlarini oʻrganish orqali oʻz brendlarini dunyo bozoriga olib chiqishlari mumkin.
Milliy anʼanalar va zamonaviy moda
Parijda boʻlib oʻtadigan defile doirasida nafaqat tarixiy va anʼanaviy oʻzbek liboslari namoyish etiladi, balki ularning zamonaviy interpretatsiyasi ham taqdim qilinadi. Jumladan, buyuk Amir Temurning sodiq rafiqasi Bibi Xonimning rekonstruksiya qilingan libosi, tarixiy zargarlik buyumlari va etno-moda elementlari zamonaviy dizayn bilan uygʻunlashgan holda sahnaga chiqadi.
Defilening ikkinchi qismida esa “Pret-a-porte de Luxe” yoʻnalishidagi zamonaviy liboslar kolleksiyasi taqdim etiladi. Ushbu kolleksiya yuqori sifatli matolar, ekologik toza materiallar va innovatsion texnologiyalar asosida yaratilgan boʻlib, jahon moda sahnasida ham raqobatbardosh boʻlishi mumkin.
Oʻzbekistonda milliy hunarmandchilik anʼanalarining moda bilan uygʻunlashishi yangi tendensiya sifatida shakllanmoqda. Mahalliy dizaynerlar milliy naqsh va matolarni zamonaviy uslubda qayta ishlash orqali yangi kolleksiyalar yaratmoqda. Ayniqsa, atlas, adras, suzani va zardoʻzlik kabi sanʼat turlarining global modaga integratsiyalashuvi xalqaro auditoriyaning eʼtiborini tortmoqda.
Oʻzbek dizaynerlarining xalqaro bozordagi oʻrni
Hozirgi kunda Oʻzbekiston moda sanoati xalqaro miqyosda tanila boshladi. Mahalliy dizaynerlarning kolleksiyalari Milan, Parij, Nyu-York kabi moda haftaliklarida namoyish etilmoqda. Bu esa Oʻzbekiston modasining dunyo bozorida oʻz oʻrnini topishiga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekistonlik yosh dizaynerlar nafaqat oʻz brendlarini yaratmoqda, balki yirik xalqaro moda uylarida ham faoliyat yuritmoqda. Xususan, ayrim bitiruvchilar Dior, Chanel, Versace kabi nufuzli brendlarda tajriba orttirib, oʻz mahoratini oshirmoqda. Bu esa Oʻzbekistonning moda sohasidagi kadrlar tayyorlash boʻyicha yangi bosqichga chiqayotganini anglatadi.
Oʻzbekiston va Fransiyaning moda sohasi boʻyicha hamkorligi nafaqat madaniy almashinuvga xizmat qiladi, balki milliy moda industriyasini yangi bosqichga olib chiqadi. Yosh dizaynerlar, texnologlar va moda mutaxassislari uchun xalqaro bozor eshiklarini ochib, global brendlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatini yaratadi. Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti talabalari kelajakda dunyo miqyosida oʻz brendlarini yaratishi yoki yirik xalqaro moda uylarida faoliyat yuritishi kutilmoqda.
Parijda oʻtkazilayotgan “Oʻzbek modasi: anʼanalar va ilhom choʻqqisi” defilesi ushbu hamkorlikning yorqin namunasi boʻlib, Oʻzbekiston modasining jahon miqyosida oʻz oʻrnini mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir. Bu nafaqat sanʼat va madaniyatni targʻib qilish, balki iqtisodiy va tijorat nuqtayi nazaridan ham Oʻzbekiston uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Xalida KAMILOVA,
Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti
oʻquv ishlari boʻyicha prorektori