Oʻzbekiston va Germaniya iqlim xavfini boshqarishda hamkorlikni kuchaytiradi

    2025 йилгача Навоий вилоятидаги 10 гектар ерда интенсив боғ барпо этилиши ва суғориш тизими йўлга қўйилиши режалаштирилган.

    Akademik M. Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Germaniyaning Xalqaro Hamkorlik Jamiyati (GIZ) bilan “Markaziy Osiyoda iqlim xavfini boshqarish” loyihasi doirasida Anglashuv memorandumini imzoladi.

    Loyiha Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilmoqda va 2028-yilgacha davom etadi. Hamkorlikning asosiy maqsadi — iqlim va tabiiy ofat xavflarini kamaytirish, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish boʻyicha ilmiy-amaliy salohiyatni oshirishdan iborat.

    Zarafshon daryosi havzasida zamonaviy, aqlli tomchilatib sugʻorish tizimlari joriy etilib, qishloq xoʻjaligi modernizatsiya qilinadi. 2025-yilgacha Navoiy viloyatidagi 10 gektar yerda intensiv bogʻ barpo etilishi va sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

    Loyiha quyidagi maqsadlarni oʻz ichiga oladi:

    • suv resurslaridan oqilona foydalanish;
    • qurgʻoqchil yillarda hosildorlikni saqlab qolish;
    • ekologik muvozanatni taʼminlash;
    • agrosanoat samaradorligini oshirish.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur tajriba uzoq muddatda boshqa hududlarga ham namunaviy tarzda tatbiq etiladi.