Indoneziya tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tarkibiy oʻzgarishlarga hamda iqtisodiy rivojlanish va davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida erishilgan natijalarga yuqori baho berdi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori sifatida barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish muhimligini taʼkidladi.

Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari va ishbilarmon doiralarining oʻzaro tashriflari orqali munosabatlarni faollashtirish muhimligini taʼkidladilar. Yaqin vaqt ichida har ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari joriy yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Indoneziya Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini hamda Oʻzbekiston – Indoneziya biznes-forumini oʻtkazishga tayyorgarlikni boshlashiga kelishib olindi. Shuningdek, Indoneziya vazirlik va idoralari rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston delegatsiyasining Jakarta shahriga ham tashrifi tashkil etiladi.

Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning muhim salohiyati qayd etildi – qishloq xoʻjaligi va sanoatning elektrotexnika, kimyo, poyabzal va charm-attorlik tarmoqlarida qoʻshma ishlab chiqarish obyektlarini yaratish va chiqariladigan mahsulotlarni keyinchalik MDH, Janubi – sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga eksport qilish istiqbollariga ega boʻlgan loyihalarni shakllantirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat bozorlarida talabga ega boʻlgan Oʻzbekiston va Indoneziya mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni kengaytirish, shuningdek, imtiyozli savdo va oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlikka oid bitimlar imzolashga tayyorgarlikni tezlashtirish orqali tegishli huquqiy asoslarini mustahkamlash yoʻli bilan ikki tomonlama savdo hajmini oshirish boʻyicha amaliy choralarni koʻrishga tayyorligini bildirdi.

Mehmonxona biznesi va turizmni rivojlantirishda hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, joriy yilning avgust oyida oʻz tarkibiga Indoneziya ishbilarmon doiralarini oladigan Indoneziya ulamolar Kengashi vakillarining Oʻzbekistonga tashrifi davomida ikki mamlakat oʻrtasida ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida erishilgan barcha kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha aniq amaliy chora-tadbirlarni qamrab olgan kengaytirilgan “Yoʻl xaritasini” qisqa muddatda ishlab chiqishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.