Memorandumni imzolash marosimi “Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning roli” mavzusidagi xalqaro seminar yakunida boʻlib oʻtdi.
Mazkur seminar 22-26-may kunlari Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi 19-doimiy sessiyasi doirasida tashkil etildi. Sessiya ishida Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Mirzatillo Tillaboyev va mamlakatimizning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili ishtirok etdi.
Memorandum Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari M.Tillaboyev va Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Xadji Ali Achikgyul tomonidan imzolandi.
Tomonlar ushbu Memorandum doirasida umumiy manfaatlardan kelib chiqqan holda oʻzaro hamkorlikka taalluqli masalalarni muhokama qilish uchun muntazam ravishda maslahatlashuvlar oʻtkazish hamda inson huquqlarini himoya qilish sohasida qoʻshma tadbirlar, dastur va loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Xadji Ali Achikgyul Memorandum inson huquqlarini himoya qilish sohasida uzoq yillar xizmat qilishini va birgalikda faoliyat yuritish uchun eng maqbul mexanizm vazifasini bajarishini qayd etdi. Ushbu hujjat Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari uchun munosib namuna ekanini alohida taʼkidladi.
Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining 19-xalqaro sessiyasida Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot taqdim etildi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining bu boradagi tizimli faoliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, inson huquqlari sohasida qabul qilingan yangi qonunlar, inson huquqlari taʼlimi yoʻnalishidagi Oʻzbekiston tajribasi haqida atroflicha soʻzlab berildi hamda tadbir mavzusidan kelib chiqqan holda bir qator takliflar bildirildi.
Sessiya ishtirokchilariga 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan inson huquqlari boʻyicha maqsad va vazifalari haqida ham batafsil axborot berildi.
Shuni alohida qayd etish joizki, joriy yil oktyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha Global forumga Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi aʼzolari tomonidan katta qiziqish bildirildi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati











