Oʻzbekiston va Italiya atom sohasida uzoq muddatli hamkorlikni boshlaydi

    Energetika 29 May 2025 991

    Samarqandda “Oʻzatom” agentligi va Italiyaning “Ansaldo Energia S.p.A.” kompaniyasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

    Ushbu memorandum doirasida kadrlar tayyorlash, ilmiy-texnik salohiyatni oshirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun Italiya kompaniyasining ilgʻor texnologiyalari va tajribasidan foydalanish koʻzda tutilgan.

    Agentlik axborot xizmatiga koʻra, “Ansaldo Energia S.p.A.” kompaniyasi Yevropa energetika sektorida yetakchilik qiladi. U gaz va bugʻ turbinalari, shuningdek, ularga mos generatorlarni loyihalash, ishlab chiqarish va yetkazib berish, montaj va sozlash, xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va modernizatsiya qilishga ixtisoslashgan. Kompaniya oʻzining shoʻba korxonalari orqali atom energetikasi yoʻnalishida ham faoliyat olib boradi.

    Ushbu hamkorlik tomonlar uchun nafaqat iqtisodiy, balki strategik jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, mazkur hujjat 28-may kuni Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni ishtirokida oʻtkazilgan oliy darajadagi muzokaralar doirasida imzolangan.