Ushbu videokonferensiya joriy yilning 14-may kuni boʻlib oʻtgan videomuloqotning mantiqiy davomi boʻlib, unda Oʻzbekiston va Italiya farmatsevtika kompaniyalari ishtirokida qoʻshma biznes-forum oʻtkazishga kelishib olingan edi. Shuningdek, 2019-yil 21-noyabrda gubernator A.Fontan boshchiligidagi Lombardiya viloyati delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurib, ushbu tashrif doirasida “B2B” kooperatsion birjasi va Oʻzbekiston-Italiya biznes forumi tashkil etilgan edi.

2019-yil yakunlariga koʻra, mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 402,3 million AQSh dollarini tashkil etdi (2018-yilga nisbatan (303,2 million), oʻsish 32 foizga), bunda eksport 26,6 million dollarni import hajmi esa 375,7 million dollar tashkil qildi.

Eksport tarkibiga asosan xizmat koʻrsatish, matolar va kalava iplar, paxta va quritilgan mevalar kirib, import nomenklaturasiga mexanik va elektr jihozlari, avtomobil qismlari, plastmassa buyumlar, farmatsevtika va toʻqimachilik mahsulotlari, shuningdek qurilish materiallari kiradi.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Italiya sarmoyasi ishtirokidagi 50 ta korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 14 tasi 100 foiz Italiya kapitali asosida ishlaydi. Alkogolsiz ichimliklar, vino, shisha idishlar, atirlar, muzqaymoq, trikotaj buyumlar, xalq isteʼmoli mollari, paxta chiqindilarini qayta ishlash, savdo va vositachilik xizmatlari mazkur korhonalarning asosiy faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi.

Bugungi videokonferetsiya davomida farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqarish sohasida mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizdagi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda farmatsevtika sohasi bilan shugʻullanuvchi Italiyaning yetakchi kompaniyalari vakillarining bir qator taqdimotlari oʻtkazildi.

Ikki mamlakat vakillari oʻrtasida boʻlib oʻtgan ushbu videokonferensiya doirasida Oʻzbekiston-Italiya savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, Oʻzbekiston va Italiya farmatsevtika kompaniyalari oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini kengaytirish masalalari boʻyicha fikr almashildi.